16-modda. Sud ekspertining majburiyatlari
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Sud eksperti:
sud eksperti sifatida oʻzini oʻzi rad etishi uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, bu haqda sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yoki davlat sud-ekspertiza muassasasining yoxud boshqa tashkilotning rahbariga darhol maʼlum qilishi;
oʻziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va toʻliq tekshirishdan oʻtkazishi, oʻz oldiga qoʻyilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona xulosa berishi;
surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning chaqiruviga binoan surishtiruvda, dastlabki tergovda yoki sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi;
oʻzi oʻtkazgan sud ekspertizasi xususida koʻrsatuvlar berishi va oʻzi bergan xulosani tushuntirish uchun qoʻshimcha savollarga javob berishi;
sud ekspertizasini oʻtkazishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi;
taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini taʼminlashi;
tekshirishlarni oʻtkazishda sud ekspertining xulosasiga nisbatan belgilangan talablarga, shuningdek tegishli sohadagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishi;
ish tergov qilinayotganda va sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Sud eksperti zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Sud eksperti:
sud ekspertizasini oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan, ishning natijasidan oʻzining manfaatdor emasligini shubha ostiga qoʻyadigan masalalar yuzasidan protsess ishtirokchilari bilan shaxsiy aloqaga kirishishga;
sud ekspertizasini oʻtkazish uchun mustaqil ravishda materiallar toʻplashga;
sud ekspertizasi natijalarini sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) tashqari biron-bir shaxsga xabar qilishga haqli emas.
Davlat sud eksperti, shuningdek:
agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, davlat sud-ekspertiza muassasasi rahbaridan tashqari bevosita boshqa biron-bir organdan (shaxsdan) sud ekspertizasini oʻtkazish toʻgʻrisida topshiriqlar qabul qilishga;
boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs sifatida sud ekspertizasini oʻtkazishga haqli emas.
