15-modda. Sud ekspertining huquqlari
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Sud eksperti quyidagi huquqlarga ega:
qonunchilikda belgilangan tartibda sud ekspertizasi predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish yoki koʻchirma nusxalar olish;
sud ekspertizasini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish;
tergov harakatlari oʻtkazilayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsati bilan hozir boʻlish va shu tergov harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga sud ekspertizasi predmetiga oid savollar berish;
sud muhokamasida sud ekspertizasi predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish va soʻroq qilinayotgan shaxslarga sudning ruxsati bilan savollar berish;
ashyoviy, yozma, raqamli dalillar va hujjatlarni koʻzdan kechirish;
oʻz xulosasida nafaqat oʻzining oldiga qoʻyilgan savollar boʻyicha, balki sud ekspertizasi predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar boʻyicha ham fikrlarini bayon etish;
uning xulosasi yoki koʻrsatuvlari protsess ishtirokchilari tomonidan notoʻgʻri talqin qilinganligi xususida tergov harakati yoki sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan bayonotlar berish;
agar u ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida xulosa taqdim etish va koʻrsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish;
agar uning huquq va erkinliklarini ishni yuritayotgan organning qarorlari, shaxsning harakatlari (harakatsizligi) buzayotgan boʻlsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Sud eksperti qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
