13-modda. Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa tashkilot rahbarining sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi huquqlari
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa tashkilot rahbari quyidagi huquqlarga ega:
agar mazkur tashkilotda tekshirishlarni oʻtkazish uchun tegishli mutaxassislar yoki zarur moddiy-texnik baza yoxud maxsus sharoitlar boʻlmasa, sud ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi qaror yoki ajrimni ijro etmasdan hamda sud ekspertizasini oʻtkazish uchun taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarini uch kunlik muddatda qaytarish;
sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) sud ekspertlari komissiyasi tarkibiga mazkur tashkilotda ishlamaydigan shaxslarni, shu jumladan boshqa davlatlardan mutaxassislarni, agar sud ekspertizasini oʻtkazish uchun ularning maxsus bilimlari zarur boʻlsa, kiritish toʻgʻrisida iltimos qilish;
qoʻyilgan masalalarni hal etish uchun zarur boʻlgan tekshirishlarni oʻtkazishni oʻz kuchlari va vositalari bilan taʼminlayotgan tashkilotlarga sud ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi qaror yoki ajrimning koʻchirma nusxasini yuborish;
sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) mazkur tashkilotning tekshirish obyektlari tekshirilganidan soʻng ularni tashish, bundan pochta xarajatlari mustasno; tekshirish obyektlari sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan olinmagan taqdirda, ularni qonunchilikda belgilangan muddat mobaynida ushbu tashkilotda saqlash; katta xavf tugʻdiradigan obyektlarning mazkur tashkilotga kelib tushishi natijasidagi zararli oqibatlarni (portlash, yongʻin va shu kabilarni), agar sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) ushbu obyektlar bilan muomalada boʻlishning unga maʼlum boʻlgan maxsus qoidalari toʻgʻrisida rahbarga xabar bermagan boʻlsa yoki ular lozim darajada oʻralmagan boʻlsa, bartaraf etish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplashni talab qilish.
Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa tashkilot rahbari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
