12-modda. Davlat sud-ekspertiza muassasasi
Sud ekspertizasi toʻgʻrisida (O‘RQ-249-son) · Sana: 01.06.2010 · Amalda
Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan muassasa davlat sud-ekspertiza muassasasidir. Sud-ekspertlik faoliyati tegishli davlat organlarining ekspertiza boʻlinmalari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Sud ekspertizasini oʻtkazish mazkur ekspertiza boʻlinmalariga topshirilgan hollarda, ular davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi vazifalarni amalga oshiradi, huquqlarga ega boʻladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar boʻladi.
Ayni bir xil ixtisoslikdagi davlat sud-ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini tashkil etish, oʻtkazish, davlat sud ekspertlarini kasbiy tayyorlash va ixtisoslashtirish sud-ekspertlik amaliyotiga yagona ilmiy-uslubiy yondashuv asosida amalga oshiriladi.
Davlat sud-ekspertiza muassasasida sud ekspertizalari, bu muassasa qaysi davlat organi ixtiyorida boʻlsa, oʻsha davlat organi tomonidan aniqlanadigan, u uchun belgilangan xizmat koʻrsatish mintaqalariga muvofiq oʻtkaziladi.
Sud ekspertizasini tayinlagan va davlat sud-ekspertiza muassasasining xizmat koʻrsatish mintaqasidan tashqarida joylashgan organlar (shaxslar) uchun sud ekspertizasi, istisno tariqasida, ushbu muassasa tomonidan qonunchilikka muvofiq oʻtkazilishi mumkin.
Davlat sud-ekspertiza muassasalari qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
