23-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitalari va komissiyalarining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi toʻgʻrisida (2011-XII-son) · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari:
1) Oliy Majlis, uning Raisi, Oliy Majlis Kengashi topshirigʻiga binoan yoki oʻz tashabbuslari bilan tasarruflaridagi masalalar boʻyicha qonunlarning va Oliy Majlis boshqa qarorlarining loyihalarini ishlab chiqadilar;
2) qonun hujjatlarini takomillashtirish bilan bogʻliq masalalarni tayyorlaydilar, Oliy Majlis sessiyasi kun tartibiga doir takliflar kiritadilar;
3) qoʻmita, komissiya ishida ishtirok etish uchun davlat organlari, jamoat birlashmalari vakillarini, mutaxassislar va olimlarni taklif etadilar;
4) qoʻmitaning yoki komissiyaning oʻzi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihalarini ham, qonun chiqarish tashabbusi tartibida tushgan qonun loyihalarini ham ilmiy ekspertizaga yuboradilar, ular yuzasidan Vazirlar Mahkamasining xulosasini, tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, jamoat birlashmalari, shuningdek olimlar va mutaxassislarning fikrini soʻraydilar;
5) oʻrganib chiqish uchun oʻzlariga berilgan qonun loyihalarini dastlabki tarzda koʻrib chiqish natijalari yuzasidan Oliy Majlisga yoki uning Kengashiga xulosalar, takliflar va mulohazalar taqdim etadilar;
6) Oliy Majlis majlislarida oʻz tasarruflaridagi masalalar boʻyicha maʼruzalar va qoʻshimcha maʼruzalar bilan soʻzga chiqadilar;
7) Oliy Majlisning Raisi yoki Oliy Majlisning Kengashi yoʻllagan respublika budjeti loyihalarini, uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni, shuningdek davlat strategik dasturlari loyihalarini qarab chiqadilar;
8) oʻz tasarruflaridagi masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga takliflar kiritadilar;
9) oʻz tasarruflaridagi masalalar boʻyicha davlat organlari va jamoat birlashmalaridan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, yozma xulosalarni, hisobot maʼlumotlarini va boshqa materiallarni talab qiladilar;
10) qonunlarning va respublika Oliy Majlisi boshqa qarorlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
11) vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlarining qonunlar, Oliy Majlisning boshqa hujjatlari, qoʻmitalar, komissiyalar tavsiyalari bajarilishi yuzasidan axborotlarini eshitadilar.
