22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitalari va komissiyalarining majlislari
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi toʻgʻrisida (2011-XII-son) · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalarining majlislari zaruratga qarab chaqiriladi va Oliy Majlis majlislari oʻrtasida ham, shuningdek sessiyalar oraligʻidagi davrda ham oʻtkaziladi.
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalarining majlislari, basharti ularda qoʻmita yoki komissiya tarkibining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Oliy Majlis qoʻmitalari, komissiyalarining majlislari, qoida tariqasida, ochiq oʻtkaziladi. Majlislarga davlat organlari va jamoat birlashmalarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar maslahat ovozi huquqi bilan, shuningdek qoʻmitalar va komissiyalarning faoliyatidan jamoatchilikni keng xabardor qilish uchun matbuot organlari, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif etilishi mumkin.
Zarurat boʻlganda qoʻmita yoki komissiya yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
