18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qoʻmitalari va komissiyalarini saylash
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi toʻgʻrisida (2011-XII-son) · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi birinchi sessiyada deputatlar orasidan oʻz vakolati muddatiga qoʻmitalar, komissiyalarni va ularning raislarini saylaydi. Qoʻmitalar va komissiyalar qonun loyihalari tayyorlash ishlarini olib borish, Oliy Majlis muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, qonunlarning va Oliy Majlis boshqa qarorlarining ijrosini nazorat qilib turish uchun tuziladi. Qoʻmitalar va komissiyalarning roʻyxati va miqdor tarkibi Oliy Majlis tomonidan belgilanadi.
Oliy Majlis deputati, qoida tariqasida, Oliy Majlisning faqat bitta qoʻmitasi yoki komissiyasining aʼzosi etib saylanishi mumkin.
Qoʻmita yoki komissiya tarkibiga Oliy Majlis Raisi va uning oʻrinbosarlari saylanishlari mumkin emas.
Qoʻmita, komissiya tarkibiga saylanmagan deputat ular ishida maslahat ovozi bilan ishtirok etishga haqlidir.
Qoʻmitalar va komissiyalarning barcha aʼzolari teng huquqlardan foydalanadilar.
Zarurat boʻlgan hollarda Oliy Majlis yangi qoʻmitalar va komissiyalar tuzishi va saylashi, ilgari tuzilgan qoʻmitalar va komissiyalarni tugatishi va qayta tashkil etishi mumkin.
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari Oliy Majlis oldida masʼul va unga hisobdordirlar.
