17-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi toʻgʻrisida (2011-XII-son) · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi:
1) Oliy Majlis sessiyasi kun tartibiga va ish tartibiga doir takliflarni tayyorlaydi;
2) Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalarining amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini hamda qonunlar va Oliy Majlisning boshqa qarorlari ijrosi toʻgʻrisidagi axborotlarni eshitadi;
3) qonun loyihalarini tayyorlash ishini rejalashtirishni uyushtiradi;
4) Oliy Majlis Raisining taklifiga binoan qonun loyihalarini va boshqa hujjatlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqadi;
5) Oliy Majlis sessiyasida deputatlar bildirgan taklif va mulohazalarni tahlil etadi hamda ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qiladi;
6) sessiyalar oraligʻidagi davrda qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda Oliy Majlis deputatlarini javobgarlikka tortishga rozilik berish toʻgʻrisidagi masalalarni qarab chiqadi;
6-1) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi aʼzolarini, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlarini tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
7) Oliy Majlis ishi va deputatlar oʻz vakolatlarini samarali amalga oshirishlari bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.
Oliy Majlis Kengashi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi, ular belgilangan tartibda eʼlon qilinadi.
