9-modda. Radiochastota spektridan foydalanish
Radiochastota spektri toʻgʻrisida (725-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Radiochastota spektri radiochastota spektridan foydalanuvchilar tomonidan davlat, jamoat ehtiyojlarini va shaxsiy ehtiyojlarni taʼminlash uchun foydalaniladi.
Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olish (berish) va (yoki) oʻrnatish (qurish), Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda radioelektron vositalardan foydalanish belgilangan tartibda radiochastota organi tomonidan beriladigan ruxsatnomaga asosan amalga oshiriladi.
Radiochastota spektridan foydalanuvchilarga muayyan radiochastotalarni biriktirish Oʻzbekiston Respublikasining radiochastotalarni taqsimlash jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi. Biriktirilgan radiochastota oʻta muhim davlat ehtiyojlarini taʼminlash maqsadida oʻzgartirilishi mumkin.
Radiochastota spektridan foydalanuvchilarga radiochastotalar polosalarini ajratish foydalanuvchidan kelib tushgan ariza boʻyicha yoki tanlov asosida yoxud kim oshdi savdosi natijalariga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Radiochastota organi va radiochastota spektridan foydalanuvchi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Radiochastotalar polosalaridan birdan ortiq radiochastota spektridan foydalanuvchilar tomonidan foydalanilishi radiochastota spektridan birgalikda foydalanishdir. Radiochastota spektridan foydalanuvchilar tomonidan radiochastota spektridan birgalikda foydalanish ular oʻrtasida radiochastota organining tegishli ruxsatnomasi asosida shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi. Mazkur ruxsatnoma radiochastota spektri boʻyicha davlat boshqaruvi organi tomonidan belgilanadigan radiochastotalar polosalariga binoan beriladi.
