8-modda. Radiochastota organlarining vakolatlari
Radiochastota spektri toʻgʻrisida (725-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Radiochastota organlari:
radiochastota spektri boʻyicha davlat boshqaruvi organi tomonidan ajratilgan radiochastotalar polosalari doirasida radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olish (berish) va (yoki) oʻrnatish (qurish), Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish hamda radioelektron vositalardan foydalanish uchun ruxsatnomalar beradi;
radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar belgilangan standartlar va texnik normalarga nomuvofiq boʻlgan, fuqarolarning xavfsizligi, atrof muhit muhofazasini taʼminlamagan taqdirda, shuningdek alohida holatlarda ularni ishlatishni belgilangan tartibda taqiqlaydi;
qonunga zid ravishda ishlayotgan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni aniqlaydi;
radiochastota spektridan foydalanuvchilarga biriktirilgan radiochastotalarning hisobini yuritadi, shuningdek radiochastota spektridan radiochastota spektri boʻyicha davlat boshqaruvi organi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
radioelektron vositalarga, shu jumladan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning xalqaro shartnomalar va qoidalarga muvofiq faoliyat koʻrsatayotgan radioelektron vositalariga boʻlgan radioxalaqitlarni bartaraf etadi;
boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda elektromagnit moslashuvni taʼminlash boʻyicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqadi.
Radiochastota organlari qonunchilikka muvofiq radiochastota spektri sohasida boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
