13-modda. Radiochastota spektridan foydalanish huquqini bekor qilish, toʻxtatish yoki cheklash
Radiochastota spektri toʻgʻrisida (725-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Radiochastota organlari radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni ishlatish xususiyatlari, shuningdek ayrim chastotalardan foydalanish imkoniyatlari bilan bogʻliq muayyan sharoitlarda radiochastota spektridan foydalanishni bekor qilish, toʻxtatish yoki cheklashga haqlidir.
Radiochastota spektridan foydalanish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
foydalanilayotgan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan fuqarolarning hayotiga yoki sogʻligʻiga, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligiga, shuningdek atrof muhit holatiga haqiqiy tahdid yuzaga kelganda;
foydalanish ruxsatnomasi yoki shartnomasining amal qilish muddati tugaganda;
biriktirilgan radiochastotalardan belgilangan muddat mobaynida foydalanilmaganda;
biriktirilgan radiochastotalardan voz kechilganda;
yuridik shaxsning oʻzi yoki jismoniy shaxsning faoliyati tugatilganda.
Radiochastota spektridan foydalanish huquqi quyidagi hollarda toʻxtatilishi yoki cheklanishi mumkin:
foydalanish ruxsatnomasi yoki shartnomasi shartlari buzilganda;
radiochastota spektrining muayyan polosalaridan oʻta muhim davlat ehtiyojlari uchun foydalanish zarur boʻlib qolganda;
radiochastota spektridan foydalanganlik uchun belgilangan haq toʻlanmaganda.
Radiochastota spektri boʻyicha davlat boshqaruv organi ham qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda radiochastota spektridan vaqt va (yoki) hudud boʻyicha foydalanish huquqini toʻxtatishga yoki cheklashga haqlidir.
Davlat mudofaasi, milliy xavfsizlik va huquq-tartibot maqsadlari uchun ajratilgan radiochastotalardan foydalanish faqat tegishli davlat boshqaruv organlari bilan kelishilgan holda toʻxtatilishi, cheklanishi yoki tugatilishi mumkin.
