12-modda. Radiochastota spektridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Radiochastota spektri toʻgʻrisida (725-I-son) · Sana: 25.12.1998 · Amalda
Radiochastota spektridan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
qonunchilikda belgilangan tartibda radiochastota spektridan foydalana olish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanish uchun ruxsat etilgan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni belgilangan tartibda olish (berish);
radioxalaqitlar manbalarini aniqlash uchun radiochastota organiga murojaat etish va ularni bartaraf qilishda ishtirok etish;
berilgan ruxsatnoma doirasida radiochastota spektridan foydalanish jarayonida qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat etish.
Radiochastota spektridan foydalanuvchilar quyidagi majburiyatlarga ega:
radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olish (berish) uchun radiochastota organining ruxsatnomasini olish;
radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni radiochastota organida roʻyxatdan oʻtkazish hamda ularni ishlatish huquqi uchun ruxsatnoma olish;
radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni belgilangan normalar hamda qoidalarga muvofiq loyihalash, qurish (oʻrnatish) va ishlatishni amalga oshirish;
radiochastota spektridan foydalanganlik uchun haqni oʻz vaqtida toʻlash.
Radiochastota spektridan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarga ega boʻlishi mumkin.
