23-modda. Ochiq varaqning shakllari va amal qilish muddati
Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-229-son) · Sana: 13.10.2009 · Amalda
Arxeologiya tadqiqotlarining xususiyatiga qarab ochiq varaq quyidagi shakllarga ega boʻladi:
arxeologiya qazishmalarini amalga oshirish huquqini beruvchi 1-shakl;
uncha katta boʻlmagan maydonlarni (bir arxeologiya obyektida 20 kv. metrgacha) qazib ochgan holda arxeologiya qidiruvlarini amalga oshirish va arxeologiya merosi obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasini oʻtkazish hamda arxeologiya nazoratini amalga oshirish doirasida yer uchastkalarini tadqiq etish huquqini beruvchi 2-shakl;
arxeologiya obyektida biron-bir yer qazish ishlarini bajarmagan holda, arxeologiya qidiruvlarini amalga oshirish (bundan ochilib qolgan joylarda cheklangan tozalash ishlari mustasno) huquqini beruvchi 3-shakl;
yer qazish, qurilish ishlari chogʻida yemirilayotgan yoki avariya holatida boʻlgan arxeologiya obyektida uning yemirilishi xavfini bartaraf etish maqsadidagi muhofaza-qutqaruv qazishmalarini amalga oshirish huquqini beruvchi 4-shakl.
1 va 4-shakllar boʻyicha ochiq varaqlar muayyan arxeologiya obyektlarida arxeologiya qazishmalarini amalga oshirish uchun beriladi.
2 va 3-shakllar boʻyicha ochiq varaqlar Oʻzbekiston Respublikasining tegishli maʼmuriy-hududiy birligi va zarur boʻlgan hollarda, muayyan arxeologiya obyekti koʻrsatilgan holda, arxeologiya qidiruvlarini amalga oshirish uchun beriladi.
Berilgan sanasidan qatʼi nazar, ochiq varaqning amal qilish muddati kalendar yilning soʻnggi kunida tugaydi.
