7-modda. Elektr energetikasi sohasidagi maxsus vakolatli organ
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-225-son) · Sana: 30.09.2009 · Amalda
Elektr energetikasi sohasidagi maxsus vakolatli organ:
yagona elektr energetikasi tizimining xavfsiz va ishonchli ishlab turishini hamda isteʼmolchilarning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojlari qanoatlantirilishini taʼminlaydi;
elektr energetikasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqadi;
elektr energiyasini hosil qilish va uning isteʼmoli balansini shakllantirishda ishtirok etadi hamda elektr energiyasi tariflari yuzasidan takliflar kiritadi;
yagona elektr energetikasi tizimining ishlab turishi rejimini belgilaydi;
magistral elektr tarmoqlarini boshqaradi;
energiya hosil qiluvchi quvvatlarni va elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash, rivojlantirish tadbirlarini amalga oshiradi;
yagona elektr energetikasi tizimining tizim operatori (bundan buyon matnda tizim operatori deb yuritiladi), elektr energiyasining yagona xarid qiluvchisi, magistral elektr tarmoqlari korxonasi faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
elektr energetikasi sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
yuridik shaxslarning elektr energetikasi obyektlaridan foydalanishni tashkil etishi ustidan texnik va texnologik nazoratni amalga oshiradi;
elektr energetikasi sohasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ishlarini muvofiqlashtiradi;
elektr energetikasi sohasidagi sinov laboratoriyalarining ishlarini tashkil etadi;
elektr energetikasi obyektlaridagi ilmiy-tadqiqot, sozlash, taʼmirlash va muhandislik-loyiha ishlarini muvofiqlashtiradi;
elektr energiyasi va yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish chora-tadbirlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadi;
elektr energetikasi sohasida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasiga doir ishlar muvofiqlashtirilishini amalga oshiradi.
Elektr energetikasi sohasidagi maxsus vakolatli organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
