3-modda. Asosiy tushunchalar
Elektr energetikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-225-son) · Sana: 30.09.2009 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
elektr energetikasi — elektr energiyasini hosil qilish, uzatish, taqsimlash, sotish va isteʼmol qilish sohasi;
yagona elektr energetikasi tizimi — elektr energiyasini hosil qiluvchi korxonalar, magistral elektr tarmoqlari, hududiy elektr tarmoqlari majmui va ularning tezkor-dispetcherlik boshqaruvi;
elektr energetikasi obyektlari — elektr energiyasini hosil qiluvchi korxonalar, shuningdek elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari;
elektr energiyasini hosil qiluvchi korxonalar — yagona elektr energetikasi tizimiga ulangan statsionar elektr stansiyalari (issiqlik elektr stansiyalari, issiqlik elektr markazlari, gidroelektrostansiyalar, shuningdek qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanadigan boshqa elektr stansiyalari);
elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari — elektr energiyasini uzatishni amalga oshirish uchun moʻljallangan elektr uzatish liniyalari, transformator podstansiyalari, taqsimlash punktlari;
magistral elektr tarmoqlari — elektr energiyasining mintaqalararo va (yoki) davlatlararo uzatilishini taʼminlash uchun foydalaniladigan elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari majmui;
hududiy elektr tarmogʻi — tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududi doirasidagi elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari majmui;
tezkor-dispetcherlik boshqaruvi — elektr energetikasi obyektlarining texnologik jihatdan oʻzaro uygʻun ishlashini va yagona elektr energetikasi tizimi ishlab turishining texnologik rejimini markazlashtirilgan tarzda uzluksiz boshqarish jarayoni;
elektr energiyasi — bir vaqtning oʻzida hosil qilinishi va isteʼmol qilinishi bilan tavsiflanadigan alohida turdagi tovar;
elektr energiyasi isteʼmolchisi (isteʼmolchi) — elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq elektr energiyasidan ishlab chiqarish va (yoki) maishiy ehtiyojlar uchun foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
avariya rejimi — elektr energetikasi obyektlari ishlashi texnologik parametrlarining yagona elektr energetikasi tizimining ishonchli ishlab turishi buzilishiga va isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berilishi cheklanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan, yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan tarzda buzilishi.
