33-modda. Qabul qilingan Davlat budjeti boʻlmagan taqdirda budjetni ijro etish tartibi
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Agar kelgusi moliya yili uchun Davlat budjeti yil boshlangunga qadar qabul qilinmagan boʻlsa, u holda Davlat budjeti qabul qilingunga qadar boʻlgan davrda davlat xarajatlari quyidagi shartlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi:
boshlangan moliya yilidagi xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda avvalgi moliya yilining oxirgi choragidagi budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning uchdan bir qismidan ortiq boʻlmagan miqdorlarda, ularni boshlangan moliya yilida amalga oshirilishi rejalashtirilmagan xarajatlar summasiga aniqlashtirilgan holda, har oyda amalga oshiriladi”;
budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlari har choraklik oyma-oy boʻlingan muvaqqat xarajatlar smetasi va budjet mablagʻlari oluvchining tovar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi) bilan tuzilgan, ushbu Qonunga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomasi asosida amalga oshiriladi;
avvalgi moliya yilida qilinmagan budjet xarajatlari amalga oshirilmaydi;
avvalgi moliya yilida amalda boʻlgan soliq solish va majburiy toʻlovlar toʻlash tartibi Davlat budjeti qabul qilingunga qadar oʻz kuchini yoʻqotmaydi.
Davlat budjeti moliya yili boshlanganidan keyin qabul qilingan taqdirda xarajatlarning umumiy summasi moliya yili mobaynida qabul qilingan Davlat budjetiga muvofiqlashtirilishi kerak.
