32-modda. Davlat budjeti mablagʻlarini sarflash
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlari budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida moliya yili uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida tayinlash sertifikatini muayyan davrga va summaga rasmiylashtirish orqali, shuningdek budjet mablagʻlari oluvchining tovar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi) bilan tuzilgan, ushbu Qonunga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomasi asosida:
respublika budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar boʻyicha — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi yoki uning hududiy boʻlinmalari tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetidan yoki mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan tashkilotlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligining hududiy boʻlinmalari tomonidan toʻlanadi.
Tayinlash sertifikatlarini tayyorlash, rasmiylashtirish, berish, ijro etish va hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va barcha darajadagi mahalliy budjetlarning yagona gʻazna hisobvaragʻidagi budjet mablagʻlari qoldiqlari tasdiqlangan miqdorda aylanma kassa mablagʻi meʼyorini shakllantirishga yoʻnaltiriladi.
Respublika budjeti budjet mablagʻlari qoldiqlarining aylanma kassa mablagʻi meʼyorining tasdiqlangan miqdoridan ortiq qismi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sarflanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va barcha darajadagi mahalliy budjetlar budjet mablagʻlari qoldiqlarining aylanma kassa mablagʻi meʼyorining tasdiqlangan miqdoridan ortiq qismi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining hamda tegishli hokimlarning qaroriga koʻra qoʻshimcha xarajatlarni amalga oshirishga yoʻnaltirilishi mumkin.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan budjet tashkiloti tomonidan tejab qolingan budjet mablagʻlari olib qoʻyilmaydi va ular Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi, kapital qoʻyilmalarni moliyalashtirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar bundan mustasno. Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
