30-modda. Davlat budjetining budjet mablagʻlari oluvchilarga yetkazilishi
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari eʼtiboriga Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlari daromadlari va xarajatlari miqdorini, shuningdek kelgusi moliya yili uchun ularga respublika budjetidan ajratiladigan budjet dotatsiyalari va budjet subvensiyalari miqdorini va budjetga oid boshqa koʻrsatkichlarni — Davlat budjeti qabul qilinganidan keyin uch kunlik muddat ichida;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi eʼtiboriga Davlat budjeti daromadlarining tasdiqlangan miqdorini — Davlat budjeti qabul qilinganidan keyin bir haftalik muddat ichida;
respublika budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar eʼtiboriga ular uchun belgilangan daromadlar va xarajatlar miqdorini — Davlat budjeti qabul qilinganidan keyin oʻn kunlik muddat ichida yetkazadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlar qabul qilinganidan keyin tegishli moliya organlari bir haftalik muddat ichida:
davlat soliq xizmatining tegishli mahalliy organlari eʼtiboriga — Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlar daromadlarining tasdiqlangan miqdorini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan tashkilotlar eʼtiboriga ular uchun belgilangan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar miqdorlarini yetkazadi.
