12-modda. Davlat budjeti xarajatlari
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Davlat budjeti xarajatlari tasdiqlangan budjetdan mablagʻ ajratish doirasida quyidagicha amalga oshiriladi:
1) budjet mablagʻlari oluvchilarning joriy xarajatlari shaklida;
2) joriy budjet transfertlari shaklida;
3) kapital xarajatlar shaklida:
asosiy fondlar va vositalarni (ular bilan bogʻliq ishlar va xizmatlar ham shular jumlasiga kiradi) davlat ehtiyojlari uchun olish va takror ishlab chiqarishga;
chet elda davlat ehtiyojlari uchun yer va boshqa mol-mulk olishga;
davlat ehtiyojlari uchun yerga boʻlgan huquqni va boshqa nomoddiy aktivlarni olishga;
davlat zaxiralarini vujudga keltirishga;
4) kapital xarajatlarni qoplash uchun yuridik shaxslarga beriladigan budjet transfertlari shaklida;
5) rezident-yuridik shaxslarga va chet el davlatlariga beriladigan budjet ssudalari shaklida;
6) davlat maqsadli jamgʻarmalariga beriladigan budjet dotatsiyalari va budjet ssudalari shaklida;
7) davlat qarzini qaytarish va unga xizmat koʻrsatish boʻyicha toʻlovlar shaklida;
8) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlar shaklida.
