14-modda. Texnik reglamentlar toʻgʻrisidagi axborot
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-213-son) · Sana: 23.04.2009 · Amalda
Amaldagi, ishlab chiqilayotgan va qabul qilingan texnik reglamentlar toʻgʻrisidagi axborot yuridik va jismoniy shaxslar erkin foydalana oladigan boʻlishi kerak. Davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar tarqatilmasligi kerak.
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi yuridik va jismoniy shaxslarning soʻrovlariga koʻra:
amaldagi, ishlab chiqilayotgan va qabul qilingan texnik reglamentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
mahsulotlar va xizmatlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash tartib-taomili toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Oʻzbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi xalqaro tashkilotlarga aʼzoligi va xalqaro shartnomalardagi ishtiroki toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
ishlab chiqilayotgan, qabul qilingan texnik reglamentlarni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlarni eʼlon qilishning rasmiy manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
