61-modda. Yer tuzish loyihasini qarab chiqish va tasdiqlash
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Joyda maʼmuriy-territorial tuzilmalarning chegaralarini oʻrnatishga doir materiallar Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlarida belgilab qoʻyiladigan tartibda, boshqa prognoz hamda loyiha ishlab chiqishdan oldingi yer tuzish ishlariga doir materiallar esa tarmoq koʻrsatmalariga muvofiq koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Xoʻjaliklararo va xoʻjalik ichidagi yer tuzish loyihalari jamoa xoʻjaliklarida — xoʻjalik aʼzolarining umumiy yigʻilishi yoki vakillar yigʻilishi tomonidan, davlat xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi hamda oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida — maʼmuriyat tomonidan, ularning ustavlarida nazarda tutilgan hollarda esa ana shu korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning kengashlari tomonidan koʻrib chiqiladi va qabul qilinadi, shuningdek manfaatdor tashkilotlar bilan kelishiladi.
Xoʻjaliklararo yer tuzish hamda qishloq xoʻjalik korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga yer ajratib berish loyihalari hokimiyatning viloyat idoralari tomonidan tasdiqlanadi.
Xoʻjalik ichidagi yer tuzish loyihalari hokimiyatning tuman idoralari tomonidan tasdiqlanadi.
Yer tuzish loyihalariga oʻzgarishlar ushbu loyihalarni tasdiqlagan idoralarning ruxsati bilan kiritiladi.
Yer tuzishni davlatning yer tuzuvchi tashkilotlari budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiradi.
Qishloq xoʻjalik ekinzorlarini joylashtirish, yerlarni tubdan yaxshilash va muhofaza qilish, yerning suv va shamol taʼsirida nurashiga qarshi va meliorativ tadbirlarni amalga oshirishga oid yer tuzish loyihalari yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning tashabbusiga muvofiq, ularni oʻz hisoblaridan amalga oshirilishi mumkin.
