53-modda. Yerlarni muhofaza qilishning mazmuni va tartibi
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Yerlarni muhofaza qilish yerdan oqilona foydalanish, yer qishloq xoʻjalik oborotidan asossiz ravishda tortib olinishining oldini olish, zararli antropogen taʼsirdan himoya qilish, shuningdek tuproq unumdorligin tiklash va oshirish, oʻrmon fondi yerlarining samaradorligini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, iqtisodiy va boshqa tadbirlar silsilasini qamrab oladi.
Yerlarni muhofaza qilish murakkab tabiiy hosilalar (ekosistemalar) boʻlmish ekinzorlarga ularning zona va mintaqa xususiyatlarini eʼtiborga olib kompleks yondashish asosida amalga oshiriladi.
Yerlardan oqilona foydalanish silsilasi tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash ruhida boʻlishi hamda tuproqning saqlanishini, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga, geologiya jinslariga va atrof-muhitning boshqa tarkibiy qismlariga taʼsir oʻtkazish cheklanishini nazarda tutmogʻi kerak.
Yer egalari va yerdan foydalanuvchilar, shu jumladan ijarachilar:
hududni oqilona tashkil etadilar;
tuproqning unumdorligini, shuningdek yerning boshqa xususiyatlarini tiklaydilar va oshiradilar;
yerlarni suv va shamol taʼsirida nurashdan, seldan, suv bosishdan, botqoqlanishdan, qayta shoʻr bosishdan, taqirlashishdan, berchlashishdan, ishlab chiqarish chiqitlari, kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan bugʻlanishdan, uni nobud qiladigan boshqa jarayonlardan himoya qiladilar;
ekinzorlarni buta va mayda dov-daraxtlar, yovvoyi oʻtlar bosib ketishidan, yerlarning madaniy-texnikaviy holatini yomonlashtiradigan boshqa jarayonlardan himoya qiladilar;
hosildan qolgan qishloq xoʻjalik yerlaridagi tuproq hosildorligini qayta tiklashning boshqa usullari boʻlmagan taqdirda bu yerlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyadilar;
buzilgan yerlarni qaytadan ekinzorga aylantiradilar, ularning unumdorligini va boshqa foydali xossalarini oshiradilar;
yerlarni buzish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni oʻtkazish chogʻida tuproqning unumdor qatlamini sidirib oladilar, undan foydalanadilar va uni saqlab qoladilar.
Davlat idoralari umumittifoq va respublika dasturlari doirasida yerlarni muhofaza qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni koʻradilar.
Hosildan qolgan qishloq xoʻjalik yerlaridan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
