51-modda. Qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishdagi nobudgarchiliklarning oʻrnini qoplash
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Qishloq xoʻjaligi yerlari va oʻrmonzorlarni, shu jumladan fuqarolar mulki boʻlgan va ular foydalanib turgan qishloq xoʻjaligi yerlarini olib qoʻyib, ulardan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligini yuritish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadda foydalanish, yer egalari va yerdan foydalanuvchilar, shu jumladan ijarachilar huquqining cheklanishi yoki korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatining taʼsiri natijasida yer sifatining yomonlashuvidan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi koʻrgan nobudgarchilikning oʻrnini oʻzini oʻzi boshqaruv idoralari va hokimiyat idoralariga qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligini yuritish bilan bogʻliq boʻlmagan ehtiyojlar uchun olib qoʻyilgan qishloq xoʻjalik yerlari va oʻrmonzorlar berilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek obyektlari atrofida muhofaza, sanitariya va himoya zonalari belgilanib, qishloq xoʻjaligi va oʻrmonchilik yerlarini oborotdan chiqarib yuborgan yoki mazkur yerlarni u qadar qiymati boʻlmagan yerlarga aylantirib qoʻygan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qoplaydilar. Bu nobudgarchiliklarning oʻrni ushbu Qonunning 50-moddasida koʻzda tutilgan zararlarni toʻlashdan tashqari qoplanadi.
Qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishining nobudgarchiliklari quyidagi hollarda qoplanmaydi:
yer uchastkalari yakka tartibda uy-joy qurish uchun olib qoʻyilganida;
yer uchastkalari maktablar, internatlar, bolalar uylari, maktabgacha tarbiya va davolash muassasalari qurish uchun olib qoʻyilganida.
Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlarida korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishning nobudgarchiliklarini qoplashdan ozod qilinadigan oʻzga hollar ham belgilab qoʻyilishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishining oʻrni qoplanishi kerak boʻlgan nobudgarchiliklari miqdori va uni aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari bilan belgilanadi.
