2-modda. Yer — Oʻzbekiston Respublikasi mulki
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Yer umummilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish zarur va u davlat muhofazasidadir.
Yer uchastkalari quyidagilarga mulk qilib berilishi mumkin:
yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari shu obyektlar joylashgan yer uchastkalari bilan birga xususiylashtirilayotganda;
chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga — diplomatiya korpusi xodimlariga, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan matbuot vakillariga, firmalar, kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar doimiy vakolatxonalarining xodimlariga, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarda doimiy asosda ishlovchi shaxslarga, shuningdek respublikada doimiy istiqomat qilayotgan va istiqomat qilish uchun guvohnomasi boʻlgan shaxslarga turar joy binolari shu binolar joylashgan yer uchastkalari bilan birga sotilayotganda;
diplomatiya vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xalqaro tashkilotlarga vakolatxona binosi, shu jumladan vakolatxona boshligʻi qarorgohi sifatida foydalanib kelinayotgan binolar yoki binolarning bir qismi, shu binolar joylashgan yer uchastkalari bilan birga, shuningdek, mazkur vakolatxonalarning binolarini qurish uchun yer uchastkalari sotilayotganda.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari yer uchastkasi olish huquqiga egadirlar, uni berish shartlari va tartibi ushbu Qonun bilan hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
