30-modda. Talabnomalarni taqdim etish tartibi va muddatlari
“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-211-son) · Sana: 22.04.2009 · Amalda
Pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda foydalanuvchi pochta aloqasi operatori yoki provayderiga talabnoma taqdim etishga, shu jumladan yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini talab qilishga haqli.
Pochta va kuryerlik joʻnatmalari topshirilmaganligi, oʻz vaqtida yetkazib berilmaganligi yoki yoʻqotilganligi, buzilganligi (shikastlanganligi) yoxud oʻtkazilgan pul mablagʻlari toʻlanmaganligi toʻgʻrisidagi talabnomalar pochta, kuryerlik joʻnatmalari yoki pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmasi topshirilgan kundan eʼtiboran olti oy davomida taqdim etiladi.
Talabnomalar yozma shaklda taqdim etiladi va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi shart.
Talabnomalarga yozma javoblar quyidagi muddatlarda berilishi kerak:
bir aholi punkti doirasida joʻnatiladigan (oʻtkaziladigan) pochta, kuryerlik joʻnatmalari hamda pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalariga doir talabnomalarga — besh kun ichida;
boshqa barcha pochta, kuryerlik joʻnatmalari va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalariga doir talabnomalarga — bir oy ichida.
Pochta aloqasi operatorlari yoki provayderlariga pochta, kuryerlik joʻnatmasi va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmasi qabul qilingan yoki joʻnatilishi belgilangan manzil boʻyicha talabnoma taqdim etilishi mumkin.
Xalqaro pochta, kuryerlik joʻnatmalarini va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalarini qidirib topish boʻyicha talabnomalar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi hamda xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan tartib va muddatlarda qabul qilinadi hamda koʻrib chiqiladi.
