3-modda. Asosiy tushunchalar
“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-211-son) · Sana: 22.04.2009 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
abonement pochta javoni — pochta aloqasi obyektlarida oʻrnatiladigan qulflanadigan qutichalardan iborat maxsus javon boʻlib, bu qutichalar yozma xat-xabarlarni, davriy bosma nashrlarni, pochta, kuryerlik joʻnatmalari va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalari kelganligi toʻgʻrisidagi xabarnomalarni olish uchun adresatlar tomonidan muayyan muddatga ijaraga olinadi;
abonent pochta javoni — koʻp kvartirali uyda, shuningdek yetkazib berish uchastkasida oʻrnatiladigan, yozma xat-xabarlarni, davriy bosma nashrlarni, pochta, kuryerlik joʻnatmalari va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalari kelganligi toʻgʻrisidagi xabarnomalarni adresatlarga yetkazib berish uchun moʻljallangan qulflanadigan qutichalardan iborat maxsus javon;
adresat — pochta, kuryerlik joʻnatmasi, pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmasi, telegraf xabari yoki boshqa xabar yoʻllangan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yozma xat-xabarlar — oddiy, buyurtma, qiymati eʼlon qilingan xatlar va banderollar, oddiy, buyurtma pochta varaqchalari hamda oddiy, buyurtma sekogrammalar, shuningdek mayda paketlar;
kuryerlik joʻnatmalari — joʻnatilishi qisqa muddatlarda qoʻldan-qoʻlga yetkazib berilgan (topshirilgan) holda amalga oshiriladigan pochta varaqchalari, xatlar, banderollar, posilkalar, bosma nashrlar;
kuryerlik xizmatlari — pochta aloqasi operatori yoki provayderining kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatish va yetkazib berish (topshirish) boʻyicha faoliyati;
nazorat muddatlari — pochta, kuryerlik joʻnatmalari va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalarini qabul qilish joyidagi pochta aloqasi obyektidan ularni topshirish va yetkazib berish joyidagi pochta aloqasi obyektigacha joʻnatish uchun belgilangan eng koʻp vaqt oraligʻi;
pochta aloqasi — pochta, kuryerlik joʻnatmalari va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalarini joʻnatish va yetkazib berishni (topshirishni) taʼminlovchi texnika va transport vositalarining yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmuidan iborat aloqa turi;
pochta aloqasi vositalari — pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish uchun foydalaniladigan binolar, yashash uchun moʻljallanmagan joylar, asbob-uskunalar, texnika va transport vositalari, shuningdek pochta konvertlari, varaqchalari va taralar;
