27-modda. Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining javobgarligi
“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-211-son) · Sana: 22.04.2009 · Amalda
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoxud lozim darajada bajarmaganlik uchun foydalanuvchilar oldida belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining javobgarligi pochta va kuryerlik joʻnatmalari yoʻqolgan, buzilgan (shikastlangan), joylanmalar kam chiqqan, pochta va kuryerlik joʻnatmalari yetkazib berilmagan (topshirilmagan), nazorat muddatlari hamda pochta aloqasi toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilgan boshqa hollarda yuzaga keladi.
Pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatishda foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlarning oʻrni pochta aloqasining operatori yoki provayderi tomonidan quyidagi hollarda va miqdorlarda qoplanadi:
buyurtma xat, buyurtma pochta varaqchasi, buyurtma banderol yoki pochta joʻnatmasi olinganligi toʻgʻrisidagi buyurtma bildirishnoma yoʻqotilganda — pochta aloqasi xizmatiga toʻlangan summa miqdorida neustoyka;
qiymati eʼlon qilingan posilka, banderol va xat yoʻqotilganda — eʼlon qilingan qiymatning ikki baravari miqdorida va pochta aloqasi xizmati uchun toʻlangan summa miqdorida neustoyka, bundan eʼlon qilingan qiymat uchun tarif toʻlovi mustasno;
qiymati eʼlon qilingan joʻnatma joylanma roʻyxati bilan joʻnatilganda joylanmaning bir qismi yetishmaganda yoki buzilganda (shikastlanganda) — joʻnatuvchi roʻyxatda koʻrsatgan joylanmaning yetishmayotgan yoki buzilgan (shikastlangan) qismi uchun eʼlon qilingan qiymatning ikki baravari miqdorida;
qiymati eʼlon qilingan joʻnatma joylanma roʻyxatisiz joʻnatilganda joylanmaning bir qismi yetishmaganda yoki buzilganda (shikastlanganda) — joylanmaning yetishmayotgan yoki buzilgan (shikastlangan) qismi ogʻirligining yuborilgan joylanmaning ogʻirligiga (pochta va kuryerlik joʻnatmasi oʻrovining ogʻirligisiz) nisbati bilan mutanosib tarzda aniqlanadigan pochta va kuryerlik joʻnatmasining qiymati eʼlon qilingan qismining ikki baravari miqdorida;
adresatga pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmasi boʻyicha pul toʻlanmaganda yoki notoʻgʻri toʻlanganda yoxud agar oʻtkazilgan pullarni adresatga berishning imkoni boʻlmay, u joʻnatuvchiga ham toʻlanmagan boʻlsa — oʻtkazmaning toʻlanmagan yoki yetarlicha toʻlanmagan qismi summasi miqdorida hamda pochta aloqasi xizmatiga toʻlangan summa miqdorida neustoyka;
