25-modda. Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining majburiyatlari
“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-211-son) · Sana: 22.04.2009 · Amalda
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari:
pochta aloqasi sohasida ushbu Qonunga va Pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish qoidalariga muvofiq faoliyatni amalga oshirishi;
foydalanuvchilarning pochta aloqasi xizmatlaridan erkin foydalana olishini taʼminlashi;
koʻrsatilayotgan pochta aloqasi xizmatlarining sifatini taʼminlashi;
pochta, kuryerlik joʻnatmalari va pul mablagʻlarining but saqlanishini taʼminlashi;
Pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish qoidalarida belgilangan talablar foydalanuvchi tomonidan buzilgan taqdirda, pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatishni toʻxtatib qoʻyishi;
pochta aloqasining uzluksiz va xavfsiz ishlashini taʼminlashi;
pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish uchun zarur boʻlgan texnologik uskunalar, mexanizatsiyalashtirish, avtomatlashtirish va axborotlashtirish vositalariga ega boʻlishi;
foydalanuvchilarga pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish shartlari va tartibi toʻgʻrisidagi, shuningdek pochta aloqasi xizmatlari tariflarining oʻzgarganligi haqidagi axborotni taqdim etishi;
pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatilmaganligi yoki lozim darajada koʻrsatilmaganligi natijasida foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qonunchilikka muvofiq qoplashi, shuningdek ularga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni qonun hujjatlariga muvofiq kompensatsiya qilishi shart.
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
