76-modda. Hisobvaraq fakturalar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadigan tovarlarni yuklab joʻnatayotgan, ishlar bajarayotgan va xizmatlar koʻrsatayotgan soliq toʻlovchi ushbu tovarlarni olayotgan (ishlardan, xizmatlardan foydalanayotgan) shaxsga qonun hujjatlarida belgilangan shaklda tayyorlangan hisobvaraq-fakturani taqdim etishi shart.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchi boʻlmagan xaridorlar tovarlarni chakana savdodan sotib olgan taqdirda, hisobvaraq-fakturaning qonun hujjatlarida belgilangan soddalashtirilgan shaklidan foydalanish mumkin.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchi boʻlmagan shaxs “qoʻshilgan qiymat soligʻisiz” degan belgi qoʻyilgan hisobvaraq-fakturani yozishi shart. Ushbu Kodeksning 21 bobiga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha yozilgan hisobvaraq-fakturalarga nisbatan ham shunday talab qoʻyiladi.
Hisobvaraq-faktura tovarlar yuklab joʻnatilgan, ishlar bajarilgan va xizmatlar koʻrsatilgan sanadan kechiktirmay yoziladi.
