64-modda. Jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqni toʻlash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Rezident jismoniy shaxslar jami yillik daromad haqidagi deklaratsiya maʼlumotlari boʻyicha hisoblab chiqarilgan daromad soligʻini hisobot yilidan keyingi yilning 1-iyunidan kechikmay, daromad soligʻi yil mobaynida qayta hisoblanganda esa, deklaratsiya soliq organiga taqdim etilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida toʻlaydilar.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar daromad soligʻini quyidagi tartibda toʻlaydilar:
toʻlovchi yilning har choragida oʻtgan yilgi daromadlar boʻyicha hisoblab chiqarilgan yillik soliq summasining yigirma besh foizini, soliqni birinchi marta toʻlaydigan toʻlovchi esa,—joriy yilda olish moʻljallangan daromad boʻyicha soliq organi unga hisoblab bergan summaning yigirma besh foizini toʻlaydi. Yil mobaynida toʻlovchining daromadi anchagina koʻpaygan yoki kamaygan taqdirda soliq toʻlovchi soliq toʻlashning boshlanmagan muddatlari boʻyicha daromad soligʻi summalarini qayta hisoblab chiqarishi mumkin;
yil oʻtishi bilan yillik soliq summasi amalda olingan daromad boʻyicha hisoblab chiqariladi. Ana shu summa bilan yil mobaynida toʻlangan summa oʻrtasidagi farq keyingi yilning 15-martidan kechikmay, tugagan daromad manbai boʻyicha esa, oʻn besh kunlik muddatda toʻlovchidan undirib olinishi yoki unga qaytarib berilishi kerak.
Jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliqning yil mobaynida toʻlab borilgan summalari tegishli hisobot yili uchun soliq toʻlovchiga hisoblab chiqarilgan soliq hisobiga oʻtkaziladi.
