63-modda. Jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqni toʻlov manbaida ushlab qolish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqni toʻlov manbaida ushlab qolishni quyidagilar amalga oshirishi shart:
ishlaydigan jismoniy shaxslarga mehnat shartnomalari yoki fuqarolik-huquqiy shartnomalar boʻyicha toʻlovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
nodavlat pensiyalarini toʻlovchi yuridik shaxslar;
jismoniy shaxslarga dividendlar va foizlar toʻlovchi yuridik shaxslar;
norezidentlarga ushbu Kodeksning 30-moddasiga muvofiq toʻlovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar.
Jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqni ushlab qolish va budjetga oʻtkazish uchun daromad toʻlovchi yuridik shaxs javobgardir. Soliq summasi ushlab qolinmaganda daromad toʻlovchi yuridik shaxs ushlab qolinmagan soliq summasini hamda u bilan bogʻliq jarima va penyalarni budjetga toʻlashi shart.
Jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliq toʻlov manbaida ushlab qolinganda soliq quyidagi muddatlarda toʻlanadi:
daromad toʻlovchi yuridik shaxslar tomonidan, ushlab qolingan soliq summasi shu maqsadlarda pul mablagʻlari olish uchun bankka hujjatlar taqdim etish bilan bir vaqtda budjetga oʻtkaziladi;
toʻlovni natura holida yoki mahsulotni realizatsiya qilishdan, ishlar bajarish yoxud xizmat koʻrsatishdan tushgan tushumdan toʻlovchi yuridik shaxslar tomonidan, ushlab qolingan soliq summasi toʻlov amalga oshirilgan oy tugaganidan keyin besh kun ichida budjetga oʻtkaziladi.
Ushbu moddaning birinchi qismi koʻrsatilgan yuridik shaxslar:
ish haqini toʻlash chogʻida jismoniy shaxsning talabiga koʻra unga uning daromadi summasi va turi, shuningdek ushlab qolingan soliq summasi (agar soliq ushlab qolingan boʻlsa) koʻrsatilgan maʼlumotnomani berishi;
asosiy boʻlmagan ish joyidan olingan daromadlar toʻgʻrisida jismoniy shaxsning roʻyxat raqami, familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, hisobot yilida qilgan daromadining umumiy summasi va ushlab qolingan soliqning umumiy summasi koʻrsatilgan maʼlumotnomani qonun hujjatlarida belgilangan shaklda moliya yili tugaganidan soʻng oʻttiz kun ichida soliq organlariga taqdim etishi shart;
yollanib ishlaydiganlarga mehnat haqi tarzida hisoblab chiqarilgan va amalda toʻlangan summalar hamda boshqa daromadlar, shuningdek bu daromadlarning soliq summalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan shaklda yilning har choragida, yilning hisobot choragidan keyingi oyning 15-kuniga qadar soliq organlariga taqdim etishi.
