59-modda. Jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqdan ozod qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqni toʻlashdan quyidagi jismoniy shaxslar ozod qilinadilar:
1) toʻlaligicha:
a) xorijiy davlatlar diplomatiya vakolatxonalarining boshliqlari va aʼzolari hamda konsullik muassasalarining mansabdor shaxslari, ularning oʻzlari bilan birga yashaydigan oila aʼzolari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa,—Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik xizmati bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan tashqari barcha daromadlari boʻyicha;
b) xorijiy davlatlar diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalarining maʼmuriy-texnik xodimlari va ularning oʻzlari bilan birga yashaydigan oila aʼzolari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasa,—Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik xizmati bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan tashqari barcha daromadlari boʻyicha;
v) xorijiy davlatlar diplomatiya vakolatxonalariga, konsullik muassasalariga xizmat koʻrsatadigan xodimlar tarkibiga kirgan shaxslar, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasa,—oʻz xizmati yuzasidan oladigan barcha daromadlari boʻyicha;
g) xorijiy davlatlar diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining uylarida ishlovchilar, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasa,—oʻz xizmati yuzasidan oladigan barcha daromadlari boʻyicha;
d) hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro tashkilotlarning mansabdor shaxslari—agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa, ushbu tashkilotlarda olgan daromadlari boʻyicha;
e) Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, Milliy xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari, ichki ishlar organlari va bojxona organlarining oddiy xizmatchilari va boshliqlari tarkibiga mansub shaxslar, shuningdek oʻquv yoki sinov yigʻinlariga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar—xizmatni oʻtash (xizmat vazifasini bajarish) munosabati bilan olgan pul taʼminoti, pul mukofotlari va boshqa toʻlov summalari boʻyicha;
j) gastrol-konsert faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyasi boʻlgan shaxslar gastrol-konsert faoliyatidan olingan daromadlari boʻyicha;
z) prokuratura organlarining daraja unvonlariga ega boʻlgan xodimlari;
