58-modda. Jismoniy shaxslarning soliq solinmaydigan daromadlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Quyidagilar jismoniy shaxslarning soliq solinadigan daromadiga kiritilmaydi:
a) mehnat shartnomasi bekor qilinganda toʻlanadigan, eng kam ish haqining oʻn ikki baravari miqdori doirasidagi ishdan boʻshatish nafaqasi, davlat ijtimoiy sugʻurtasi va davlat ijtimoiy taʼminoti boʻyicha nafaqalar, ishsizlik nafaqalari, homiladorlik va tugʻish nafaqalari (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalari, shu jumladan oilaning bemor aʼzosini parvarishlash nafaqalari bundan mustasno), shuningdek xayriya va ekologiya jamgʻarmalari mablagʻlaridan fuqarolarga pul va natura shaklida beriladigan nafaqalar va boshqa yordam turlari;
b) olinadigan alimentlar;
v) oliy oʻquv yurtlari va oʻrta maxsus hamda hunar-texnika oʻquv yurtlari hamda ular bazasida tashkil etilgan biznes maktablari, shu jumladan oliy va oʻrta diniy oʻquv yurtlari tomonidan oʻz talabalariga va oʻquvchilariga tayinlanadigan stipendiyalar, shuningdek ushbu moddaning “a” kichik bandida koʻrsatilgan jamgʻarmalarning mablagʻlaridan taʼsis etiladigan stipendiyalar;
d) davlat pensiyalari, shuningdek ularga ustamalar;
e) shaxslar qon topshirganlik uchun, donorlikning boshqa turlari uchun, ona suti topshirganlik uchun oladigan summalar, shuningdek tibbiyot muassasalarining xodimlari qon yigʻib topshirganliklari uchun oladigan summalar;
j) mayib boʻlish yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi bilan bogʻliq holda, shuningdek boquvchisining vafot etganligi munosabati bilan koʻrilgan zararni qoplash yuzasidan olinadigan summalar;
z) fuqarolarning xorijda ishlashga yuborilishi munosabati bilan davlat budjetidan moliyalashtiriladigan muassasalar va tashkilotlardan chet el valyutasida oladigan ish haqi summalari va boshqa summalar, qonun hujjatlarida belgilangan summalar doirasida;
i) jismoniy shaxslarning xususiy mulk huquqi asosida oʻzlariga qarashli boʻlgan mol-mulkni sotish natijasida oladigan summalari, tadbirkorlik faoliyati doirasida mol-mulk sotishdan olingan daromadlar bundan mustasno;
k) shaxslarning shaxsiy yordamchi xoʻjalikda yetishtirgan qoramol, quyon, nutriya, baliq, parrandalarni ham tirik holatda, ham ularni soʻyib mahsulotlarini xom va qayta ishlangan holda, shuningdek asalarichilik mahsulotlarini va bunday xoʻjalikda yetishtirilgan tabiiy yoki qayta ishlangan dehqonchilik mahsulotlarini sotishdan olgan daromadlari summasi. Fuqaroda shaxsiy yordamchi xoʻjalik mavjudligi mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining maʼlumotnomasi bilan tasdiqlanadi;
