42-modda. Daromad (foyda) soligʻini toʻlov manbaida ushlab qolish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Daromad (foyda) soligʻini toʻlov manbaida ushlab qolishni quyidagilar amalga oshirishi shart:
yuridik shaxslarga dividendlar va foizlar toʻlovchi yuridik shaxslar;
norezident yuridik shaxslarga ushbu Kodeksning 30-moddasiga muvofiq toʻlovlarni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar.
Daromad (foyda) soligʻini ushlab qolish va budjetga oʻtkazish uchun daromad toʻlovchi yuridik shaxs javobgardir. Soliq summasi ushlab qolinmaganda daromad toʻlovchi yuridik shaxs ushlab qolinmagan soliq summasini hamda u bilan bogʻliq jarima va penyalarni budjetga toʻlashi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan yuridik shaxslar quyidagilarni bajarishi shart:
soliqni toʻlov amalga oshirilgan oy tugaganidan soʻng besh kun ichida budjetga oʻtkazishi;
daromad oluvchi yuridik shaxslarning roʻyxat raqami, ularning nomi, daromadining umumiy summasi va hisobot yilida ushlab qolingan soliqning umumiy summasi koʻrsatilgan maʼlumotnomani moliya yili tugaganidan soʻng oʻttiz kun ichida soliq organlariga taqdim etishi, shuningdek daromad oluvchi yuridik shaxslarga ularning talabiga koʻra yuborishi lozim.
