126-modda. Identifikatsiya raqami
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan tijorat tashkilotlari va jismoniy shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotganda ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda identifikatsiya raqami beriladi.
Davlat roʻyxatiga olingan notijorat tashkilotlari roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran oʻn kun ichida soliq organlariga identifikatsiya raqami olish uchun murojaat qiladi.
Norezidentlar (shu jumladan tegishli davlat organlarida akkreditatsiya qilingan norezidentlar) Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat boshlaganidan eʼtiboran oʻn kun ichida soliq organlariga hisobga turish va identifikatsiya raqami olish uchun murojaat qiladi.
Boshqa soliq toʻlovchilar—jismoniy shaxslar boʻyicha identifikatsiya raqamlarini rasmiylashtirish soliq organlari tomonidan xonadonlarni aylanib chiqish paytida amalga oshiriladi.
Soliq organi har bir soliq toʻlovchiga identifikatsiya raqami beradi.
Soliq toʻlovchi ushbu Kodeksga muvofiq foydalaniladigan barcha hujjatlarda oʻzining soliq toʻlovchi tariqasidagi identifikatsiya raqamini koʻrsatishi shart. Soliq organi soliq toʻlovchiga yuboradigan uning soliq majburiyatlariga taalluqli barcha xabarnomalarida soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini koʻrsatadi.
