125-modda. Maʼlumotlarning maxfiyligi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Soliq toʻlovchi haqidagi maʼlumotlar faqat soliq toʻlovchining oʻziga yoki uning vakillariga, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda soliq organiga taqdim etiladi.
Soliq toʻlovchi haqidagi maʼlumotlar sudning, prokuraturaning, tergov va surishtiruv organlarining yuritishida boʻlgan ishlar munosabati bilan ularning talablariga muvofiq ham taqdim etiladi.
Soliq organining mansabdor shaxsi, shuningdek boshqa shaxslar oʻz xizmat vazifalarini bajarishlari munosabati bilan soliq toʻlovchi haqida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor etishlari, shu jumladan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan yoki ular xizmatdan boʻshatilganidan keyin ham oshkor etishlari taqiqlanadi.
Xizmat burchiga koʻra soliq toʻlovchilar haqidagi maʼlumotlarga ega boʻlgan mansabdor shaxslar maʼlumotlarning maxfiyligini oshkor etganliklari uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
