122-modda. Soliq sohasidagi muddatni belgilash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Soliq haqidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar kalendar sana yoki yillar, yil choraklari, oylar, oʻn kunliklar va kunlar bilan hisoblanadigan davr oʻtishi bilan belgilanadi.
Soliq sohasidagi muddat kalendar sanadan yoki muddatning boshlanishi belgilab qoʻyilgan voqea yuz berganidan keyin keladigan kundan oʻta boshlaydi.
Soliqqa doir harakat muddatning soʻnggi kuni soat yigirma toʻrtgacha amalga oshirilishi mumkin. Biroq, agar bu harakat tashkilotda amalga oshirilishi lozim boʻlsa, muddat ushbu tashkilotda belgilangan qoidalarga koʻra tegishli operatsiyalar toʻxtatiladigan soatda tugaydi.
Moliyaviy hisobotlar, soliqlar boʻyicha hisob-kitoblar va daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar, yozma arizalar va xabarnomalar aloqa tashkilotlariga muddatning soʻnggi kuni soat yigirma toʻrtgacha topshirilgan boʻlsa, oʻz vaqtida topshirilgan hisoblanadi. Bunday holda aloqa korxonasi shtempelida aks etgan sana soliq toʻlash bilan bogʻliq harakat bajarilgan vaqt deb hisoblanadi.
Agar muddatning soʻnggi kuni dam olish (ishlanmaydigan) kuniga toʻgʻri kelib qolsa, shundan keyingi birinchi ish kuni muddatning tugash kuni hisoblanadi.
