12-modda. Soliq toʻlovchilarning majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Soliq toʻlovchilar quyidagi majburiyatlarga ega:
1) belgilangan tartibda va muddatlarda soliq organlarida roʻyxatdan oʻtish, pochta manzili oʻzgargan taqdirda esa (notijorat tashkilotlar qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirda ham), bu haqda soliq organlarini oʻn kunlik muddat ichida yozma ravishda xabardor etish;
2) soliqlar va yigʻimlarning tegishli summasini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda toʻlash;
3) buxgalteriya hisobini va hisob hujjatlarini qonun hujjatlariga muvofiq yuritish;
4) moliyaviy hisobotni, soliqlar boʻyicha hisob-kitoblarni yoki daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq organlariga taqdim etish;
5) soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish, toʻlash bilan bogʻliq hujjatlar va maʼlumotlarni, shuningdek soliqlar va yigʻimlar yuzasidan imtiyozlar huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni soliq organlariga taqdim etish;
6) soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish, toʻlash masalalarini tekshirish uchun soliq organlarining mansabdor shaxslarini daromad olish yoki soliq solish obyektlarining saqlanishi bilan bogʻliq binolar va joylarga kirishiga ruxsat berish;
7) soliq organlarining soliq haqidagi qonun hujjatlarini buzish hollarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi talablarini bajarish.
Soliq toʻlovchilar ushbu Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida oʻz zimmalariga yuklatilgan boshqa majburiyatlarni ham bajaradilar.
