11-modda. Soliq toʻlovchilarning huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Soliq toʻlovchilar quyidagi huquqlarga ega:
1) soliq organlaridan soliq haqidagi qonun hujjatlari masalalari boʻyicha axborot va maslahatlar olish;
2) ushbu Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan tartibda va asoslarda soliq imtiyozlaridan foydalanish;
3) budjetga ortiqcha miqdorda tushgan soliqlar va yigʻimlar summasini qaytarish toʻgʻrisida yozma ariza bilan murojaat qilish;
4) soliqlar va yigʻimlar boʻyicha budjet oldidagi oʻz majburiyatlarini bajarish yuzasidan soliq organlaridagi mavjud maʼlumotlar bilan tanishish;
5) soliq organlari oʻtkazgan tekshiruv materiallari bilan tanishish va tekshiruv dalolatnomalarini olish, tekshiruvlarning natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda soliq organiga oʻzining yozma eʼtirozlarini oʻn kunlik muddat ichida taqdim etish;
6) soliq organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan yuqori soliq organlariga yoki sudga shikoyat qilish;
7) soliq solish obyektini hisobga olishda, soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish va toʻlashda oʻzlari yoʻl qoʻygan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish.
Soliq toʻlovchilar ushbu Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oʻzga huquqlarga ham egadir.
