103-modda. Yuridik shaxslardan undiriladigan yer soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Yer soligʻi yuridik shaxslar tomonidan har yili 1-yanvargacha boʻlgan holatga qarab mustaqil hisoblab chiqariladi va soliq boʻyicha hisob-kitoblar yer uchastkasi joylashgan hududdagi soliq organiga joriy yilning 1-fevraligacha taqdim etiladi.
Yil davomida yuridik shaxslarda yer uchastkalariga mulk huquqi, yerga egalik qilish huquqi, yerdan foydalanish huquqi vujudga kelgan taqdirda, shuningdek ular foydalanayotgan yer maydoni kengaygan yoki yer soligʻi boʻyicha imtiyoz huquqlari toʻxtatib qoʻyilgan hollarda ular yer uchastkasi ajratilgan yoki imtiyozlar toʻxtatilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay soliq organlariga yer soligʻi boʻyicha hisob-kitoblarni taqdim etishlari shart.
Yil davomida ajratilgan yer uchastkalari uchun soliq yer uchastkasi ajratilganidan keyingi oydan eʼtiboran toʻlanadi. Yer uchastkasi olib qoʻyilgan (kamaytirilgan), haqi toʻlab qaytarib olingan, sotilgan taqdirda soliq undirish yer uchastkasi olib qoʻyilgan (kamaytirilgan), haqi toʻlab qaytarib olingan, sotilgan oydan eʼtiboran toʻxtatiladi (kamaytiriladi).
Yuridik shaxslarga yer soligʻi boʻyicha imtiyozlar belgilanganda ular bunday huquq paydo boʻlgan oydan eʼtiboran soliq toʻlamaydilar. Yer soligʻi boʻyicha imtiyozlarga ega boʻlish huquqi toʻxtatilgan taqdirda ular bunday huquq toʻxtatilganidan keyingi oydan eʼtiboran yer soligʻi toʻlay boshlaydilar.
Yuridik shaxslar tomonidan (qishloq xoʻjalik korxonalaridan tashqari) soliq yilning har choragida, teng ulushlarda chorakdagi ikkinchi oyning 15-kunigacha toʻlanadi.
Qishloq xoʻjalik korxonalari yer soligʻini bir yilda bir marta—hisobot yilining 15-dekabrigacha toʻlaydilar.
