102-modda. Yer soligʻi toʻlashdan ozod qilingan soliq toʻlovchilar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Quyidagi yuridik shaxslar yer soligʻidan ozod qilinadilar:
1) tijorat bilan shugʻullanmaydigan yuridik shaxslar, yer uchastkalaridan tadbirkorlik faoliyati yoʻlida foydalanayotganlaridan tashqari;
2) madaniyat, maorif, sogʻliqni saqlash va mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalari, boʻysunuvidan qatʼi nazar, oʻz zimmalariga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun ularga ajratilgan yer uchastkalari uchun;
3) dehqon (fermer) xoʻjaliklari—davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran ikki yil muddatga;
5) nogironlarning jamoat birlashmalari, “Nuroniy” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston chernobilchilar assotsiatsiyasi mulkida boʻlgan, ishlovchilari umumiy sonining ellik foizini nogironlar tashkil qilgan yuridik shaxslar, savdo, vositachilik, taʼminot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar bundan mustasno;
Ushbu moddaning birinchi qismi 3 va 4-bandlarida koʻrsatilgan yuridik shaxslar belgilangan imtiyozli davrdan keyin bir yil oʻtguniga qadar tugatilgan taqdirda, soliq summasi ularning butun faoliyat davri uchun toʻliq miqdorda undiriladi.
Quyidagi jismoniy shaxslar yer soligʻidan ozod qilinadilar:
1) yaylov chorvachiligining choʻponlari, yilqiboqarlari, mexanizatorlari, veterinar vrachlari va texniklari, boshqa mutaxassislari va ishchilari;
2) “Oʻzbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlganlar, uchala darajali Shuhrat ordeni bilan taqdirlanganlar, 1941—1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari;
3) xizmatni Afgʻoniston Respublikasida va jangovar harakatlar olib borilgan boshqa mamlakatlarda vaqtincha boʻlgan qoʻshinlarning cheklangan kontingenti tarkibida oʻtagan harbiy xizmatchilar hamda oʻquv va sinov yigʻinlariga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar;
5) I va II guruh nogironlari;
6) yolgʻiz pensionerlar;
7) boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalar;
8) konsentratsion lagerlarning sobiq yosh tutqunlari, Chernobil AESdagi falokat oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan shaxslar;
9) koʻchirib keltirilgan fuqarolar kelib joylashgan yer uchastkalari boʻyicha — yer uchastkalari berilgan vaqtdan eʼtiboran besh yilgacha.
Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan imtiyozlar yakka tartibda uy-joy qurish va shaxsiy yordamchi xoʻjalik yuritish uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan normalar doirasida yer uchastkalari berilgan jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
