21-modda. Sugʻurtalovchiga va annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchiga qoʻyiladigan talablar
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-210-son) · Sana: 16.04.2009 · Amalda
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishni amalga oshirish uchun sugʻurtalovchi va annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi belgilangan tartibda faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi tegishli litsenziyaga ega boʻlishi kerak.
Sugʻurtalovchi va annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻzining alohida boʻlinmalariga ega boʻlishi kerak, ular ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi yoki annuitetlar shartnomasini tuzish, ish beruvchilarning va (yoki) jabrlanuvchilarning yoxud naf oluvchilarning sugʻurta tovoni toʻgʻrisidagi talablarini koʻrib chiqish hamda belgilangan tartibda sugʻurta tovonini toʻlash vakolatiga ega boʻlishi lozim.
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishni amalga oshirishda raqobatni cheklash yoki bartaraf etish, ayrim sugʻurtalovchilarga va annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchilarga boshqalariga nisbatan asossiz imtiyozlar berish yoki olish, ish beruvchilar, jabrlanuvchilar va naf oluvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari kamsitilishiga qaratilgan faoliyatni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
