19-modda. Jabrlanuvchining huquqlari
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-210-son) · Sana: 16.04.2009 · Amalda
Jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
ish beruvchiga yoki sugʻurtalovchiga yoxud annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchiga sugʻurta tovonini toʻlash haqida yozma shakldagi ariza bilan murojaat etish;
qonunchilikda belgilangan shartlar asosida va tartibda sugʻurta tovoni olish;
ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasining yoki annuitetlar shartnomasining shartlari toʻgʻrisida ish beruvchidan yoki sugʻurtalovchidan yoxud annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchidan bepul axborot olish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisani tekshirishda zaruriyat boʻlganda, kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi vakillarini yoxud oʻzining ishonchli shaxsini jalb etgan holda belgilangan tartibda ishtirok etish;
ish beruvchidan sugʻurtalovchi va annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi haqidagi barcha zarur maʼlumotlarni olish.
