13-modda. Sugʻurta tovonini olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-210-son) · Sana: 16.04.2009 · Amalda
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta hodisasi yuz berganda, ish beruvchi sugʻurta tovonini toʻlash talabi koʻrsatilgan yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda sugʻurtalovchiga murojaat etadi:
ish beruvchining yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi buyrugʻining koʻchirma nusxasi;
xodimning yoki naf oluvchining yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talabi koʻrsatilgan, ish beruvchining nomiga yozilgan arizasining koʻchirma nusxasi;
sugʻurta hodisasi yuz berguniga qadar xodim olgan oʻrtacha oylik yoki yillik ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
mehnat shartnomasining (kontraktning) koʻchirma nusxasi;
kasb kasalligida — xodimning kasb kasalligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa sodir boʻlganligini va xodim uchun uning oqibatini tasdiqlovchi hujjatlar (ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisani maxsus tekshirish dalolatnomasi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining xulosasi, nizolar yuzaga kelgan hollarda esa — sudning qarori).
Xodim vafot etgan taqdirda xodimning vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi va naf oluvchining zararning oʻrni qoplanishiga boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlar ham ilova qilinadi.
Ushbu moddada nazarda tutilmagan hujjatlar taqdim etilishini talab qilish taqiqlanadi.
