12-modda. Zararning miqdorini aniqlash tartibi
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-210-son) · Sana: 16.04.2009 · Amalda
Xodim oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan uning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tovoni yetkazilgan zarar miqdorida, lekin sugʻurta summasi miqdoridan koʻp boʻlmagan miqdorda toʻlanadi.
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tovoni:
jabrlanuvchi mehnatda mayib boʻlguniga qadar olgan oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobida, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik darajasiga muvofiq belgilanadigan har oylik toʻlov yoki kasb kasalligi aniqlanguniga qadar olgan oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobida belgilanadigan har oylik toʻlov;
marhumning oʻrtacha oylik ish haqi miqdoridagi, uning oʻziga va qaramogʻida boʻlgan, lekin yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishiga haqli boʻlmagan, mehnatga qobiliyatli shaxslarga toʻgʻri keladigan ulush chegirib tashlangan holdagi har oylik toʻlov;
qonunchilikda belgilangan hollarda jabrlanuvchiga yoki naf oluvchiga bir yoʻla beriladigan nafaqa toʻlovi;
xodim vafot etgan taqdirda ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasida belgilangan miqdorda dafn etish xarajatlari;
ish beruvchining qoʻshimcha xarajatlarini qonunchilikka muvofiq kompensatsiya qilish tarzida amalga oshiriladi.
Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori qonunchilikda belgilangan tartibda oshirilgan taqdirda, xodimning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi munosabati bilan zararning oʻrnini qoplashning belgilangan summasi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oshirilishiga mutanosib ravishda koʻpaytiriladi. Bunda zarar oʻrnini qoplashning koʻpaytirilgan summasi qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻshimcha tarzda toʻlanadi.
Jabrlanuvchiga yoki naf oluvchiga sugʻurta hodisasi yuz berganligi munosabati bilan yetkazilgan maʼnaviy zararni kompensatsiya qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
