5-modda. Yordam koʻrsatish haqida soʻrov
Jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida · Sana: 19.06.2008 · Amalda
1. Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik manfaatdor Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tomonidan yuboriladigan yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovlar asosida amalga oshiriladi.
Agar axborot Tomonlarning birini qiziqtirishi mumkinligi haqida asos boʻlgan taqdirda, axborot boshqa Tomonga soʻrovsiz taqdim etilishi mumkin.
2. Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov yozma shaklda yuboriladi. Shoshilinch holatlarda soʻrov ogʻzaki tarzda yuborilishi mumkin, biroq bu uch sutka ichida matnni yuborish texnik vositalaridan foydalanilgan holda yozma tarzda tasdiqlanishi zarur.
Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov haqiqiyligi yoki mazmunida shubha yuzaga kelgan taqdirda, ushbu soʻrovni tasdiqlash haqida iltimosnoma yuborilishi mumkin.
3. Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
a) yordam koʻrsatishni soʻrayotgan vakolatli organ nomi va soʻrov yuborilayotgan organ nomi;
b) ish mohiyati bayoni yoki javob olish zarur boʻlgan savollar roʻyxati;
v) maqsadni koʻrsatish va soʻrov asosi;
g) soʻralayotgan yordam mazmuni.
4. Shu bilan birga, soʻrov quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
a) ishga daxldor shaxslar ismi, otasining ismi, familiyasi, laqabi, alohida belgilari, fuqaroligi, ularning tugʻilgan joyi va sanasi, kasb turi, yashash joyi va turar joyi haqida maʼlumotlar;
b) ishga daxldor yuridik shaxslar nomi va manzili haqida maʼlumotlar;
v) sodir etilgan qilmishlar yoki voqealar bayoni, jinoiy ishlar boʻyicha soʻrov yuborayotgan Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq qilmishning tavsifi va qoʻllanilayotgan qonun matni;
g) soʻrovni bajarishda amal qilish maqbul boʻlgan oʻziga xos tartib bayoni hamda bunday tartibga rioya etish haqida iltimosnomani asoslash;
d) soʻrovning tegishlicha ijro etilishiga yordam beradigan istalgan boshqa axborot.
5. Yozma shaklda beriladigan yoki tasdiqlanadigan yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov, soʻrov yuborayotgan vakolatli organ rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi hamda gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
6. Har bir Tomon, agar soʻrovni bajarish uning davlati mustaqilligi, xavfsizligi, jamoat tartibi yoki mavjud manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan taqdirda yoki soʻrov yuborilishiga sabab boʻlgan harakat soʻralayotgan Tomon davlati qonunchiligiga koʻra jinoyat hisoblanmagan taqdirda yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovni bajarishdan toʻliq yoki qisman voz kechishi mumkin.
