5-modda. Doimiy muassasa
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad soligʻini toʻlashdan bosh tortishning oldini olish toʻgʻrisida · Sana: 24.07.2008 · Amalda
1. Ushbu Bitim maqsadlari uchun “doimiy muassasa” atamasi korxona tadbirkorlik faoliyatini toʻliq yoki qisman amalga oshiradigan doimiy faoliyat joyini anglatadi.
2. “Doimiy muassasa” atamasi, xususan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) boshqaruv joyi;
b) boʻlinma;
s) ofis;
d) fabrika;
e) ustaxona,
f) shaxta, neft yoki gaz qudugʻi, karyer yoki tabiiy resurslar qazib olinadigan har qanday boshqa joyni.
3. “Doimiy muassasa” atamasi quyidagilarni ham oʻz ichiga oladi:
a) qurilish maydonchasi, qurilish, montaj yoki yigʻish obyekti yoki ular bilan bogʻliq boʻlgan nazorat faoliyati, biroq shunday maydoncha, obyekt yoki faoliyatning davomiyligi 12 oydan ortiq davom etsagina;
b) Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan konsalting yoki boshqaruv xizmatlari korxona shu maqsad uchun yollagan xizmatchilar yoki boshqa xodimlar orqali amalga oshirilsa, biroq shu mazmundagi faoliyat boshqa Ahdlashuvchi Davlat hududida har qanday oʻn ikki oylik davr doirasida 183 kundan oshadigan davr yoki davrlar mobaynida davom etsagina.
4. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, “doimiy muassasa” atamasi quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
a) inshootlardan faqat shu korxonaga tegishli boʻlgan tovarlar yoki buyumlarni saqlash, yetkazib berish yoki namoyish qilish maqsadida foydalanish;
b) shu korxonaga tegishli boʻlgan tovarlar yoki buyumlar zaxirasini saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadida saqlab turilishi;
s) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlar zaxirasini ularni faqat boshqa korxona tomonidan qayta ishlash maqsadida saqlab turilishi;
d) doimiy faoliyat joyi tovarlar yoki buyumlar sotib olish yoxud ushbu korxona uchun axborot yigʻish maqsadida saqlab turilishi;
e) doimiy faoliyat joyi faqat shu korxona manfaatlari uchungina boshqa har qanday tayyorgarlik yoki yordamchi tusdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadida saqlab turilishi;
f) doimiy faoliyat joyi faqat “a” — “e” kichik bandlarida nazarda tutilgan faoliyat turlarining har qanday birikuvi uchungina, basharti bunday doimiy faoliyat joyining jami faoliyati ana shu faoliyat turlarini birlashtirish natijasida vujudga kelsa, tayyorgarlik yoki yordamchi tusda boʻlsa saqlab turilishi.
