23-modda. Kamsitmaslik
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad soligʻini toʻlashdan bosh tortishning oldini olish toʻgʻrisida · Sana: 24.07.2008 · Amalda
1. Ahdlashuvchi Davlatning milliy shaxslari boshqa Ahdlashuvchi Davlatda, ushbu boshqa Davlat milliy shaxslariga ayni bir xil sharoitlarda, jumladan rezidentlikka nisbatan solinishi mumkin boʻlganidan ortiq har qanday soliq solishga yoki unga aloqador majburiyatlarga duchor qilinmaydilar.
2. Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasini soliqqa tortish ushbu boshqa Davlatning xuddi shunday faoliyatni amalga oshirayotgan korxonalarini soliqqa tortishdan koʻra noqulay boʻlmaydi.
3. Ushbu moddadagi hech bir narsa bir Ahdlashuvchi Davlatni:
a) boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentlariga oʻz rezidentlariga beradigan har qanday shaxsiy soliq imtiyozlari, kamaytirish va chegirmalarni berishga, yoki
b) boshqa Ahdlashuvchi Davlat milliy shaxslariga soliqqa tortish maqsadlari uchun ushbu Davlatning milliy soliq qonunchiligiga koʻra ushbu Ahdlashuvchi Davlat rezidenti yoki boshqa shu singari shaxslari hisoblanmaydigan milliy shaxslariga beradigan har qanday shaxsiy soliq imtiyozlari, kamaytirish va chegirmalar berishga majburlovchi shart tarzda talqin qilinmasligi lozim.
4. Ahdlashuvchi Davlat korxonalari kapitali boshqa Ahdlashuvchi Davlatning bir yoki bir necha rezidentlariga toʻliq yoki qisman tegishli boʻlsa yoxud bevosita yoki bilvosita nazorat qilinayotgan boʻlsa, birinchi eslatilgan Davlatning shunday korxonalariga solinadigan yoki solinishi mumkin boʻlgan har qanday soliq solish yoki unga aloqador majburiyatlarga yoki soliqqa tortishdan koʻra mushkulroq va u bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarga birinchi eslatilgan Davlatda duchor qilinmaydi.
5. Ahdlashuvchi Davlat oʻz milliy shaxslariga oʻzining milliy siyosati yoxud mezonlari asosida iqtisodiy yoki ijtimoiy rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida soliq boʻyicha imtiyozlar taqdim etsa, bu holat mazkur modda doirasida kamsitish holati hisoblanmaydi.
6. Ushbu modda qoidalari kelishuv bitimining predmeti boʻlib hisoblanadigan soliqlarga nisbatan qoʻllaniladi.
