15-modda. Yollanma shaxsiy xizmatlar
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad soligʻini toʻlashdan bosh tortishning oldini olish toʻgʻrisida · Sana: 24.07.2008 · Amalda
1. 16,18 va 19-moddalar qoidalarini hisobga olib, Ahdlashuvchi Davlat rezidentining yollanish boʻyicha oladigan maoshi, ish haqi va boshqa shu kabi haqlar faqat ana shu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, agar yollash boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilmagan boʻlsa. Agar yollanma ish shu tariqa bajariladigan boʻlsa, unda shu munosabat bilan olingan haq ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Mazkur moddaning 1-bandi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan biri rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshiradigan yollanma xizmat uchun oladigan haq, agar quyidagi shartlar bajarilsa, faqat birinchi eslatilgan Davlatda soliqqa tortiladi:
a) haq oluvchi boshqa Davlatda istalgan oʻn ikki oylik davr doirasida jami 183 kundan oshmaydigan davr yoki davrlar mobaynida boʻlsa, va
b) haq yollovchi tomonidan yoki boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlmagan yollovchi nomidan toʻlansa, va
s) yollovchi boshqa Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa yoki doimiy baza haq toʻlash xarajatlarini qoplamasa.
3. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan foydalaniladigan kema yoki samolyotda amalga oshiriladigan yollanma ish uchun oladigan haqlar ana shu Davlatdagina soliqqa tortilishi mumkin. Ammo haqni boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti olsa, bu holda u ushbu boshqa Davlatda ham soliqqa tortilishi mumkin.
