14-modda. Mustaqil shaxsiy xizmatlar
Ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yoʻl qoʻymaslik va daromad soligʻini toʻlashdan bosh tortishning oldini olish toʻgʻrisida · Sana: 24.07.2008 · Amalda
1. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti — jismoniy shaxsning kasbiy xizmatlarni koʻrsatish yoki mustaqil tusdagi boshqa faoliyatdan oladigan daromadlari faqat ana shu Davlatda soliqqa tortiladi. Istisno tariqasida, quyidagi hollarda bunday daromadlar boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ham soliqqa tortilishi mumkin:
a) agar u oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻzi uchun muntazam qulay boʻlgan doimiy bazaga ega boʻlsa, bunday holda daromadning faqat shunday doimiy bazaga taalluqli boʻlgan qismigina ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, yoki
b) agar uning boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boʻlishi har qanday oʻn ikki oylik davr doirasida jami 183 kundan oshuvchi davr yoki davrlar mobaynida davom etsa, bunday hollarda daromadning faqat boshqa Davlatdagi faoliyatdan olingan qismigina ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Kasbiy xizmatlar” atamasi, xususan mustaqil ilmiy, adabiy, badiiy, sanʼat, taʼlimiy va oʻqituvchilik faoliyatlarini, shuningdek shifokorlar, yuristlar, muhandislar, meʼmorlar, stomatologlar va buxgalterlarning mustaqil faoliyatini qamrab oladi.
